Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti delegatsiyasining Malayziyaga amaliy safari doirasida ushbu mamlakatning “Lincoln University College” ta’lim muassasasi bilan qo‘shma ta’lim dasturini ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Safardan ko‘zlangan maqsad “THE World University Rankings” xalqaro reytingi bo‘yicha dunyoning “TOP-300”lik oliy ta’lim muassasasi qatoriga kirgan ushbu bilim yurti bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar borasida hamkorlik ishlarining samaradorligini oshirishdir.

Ahamiyatlisi, “Lincoln University College” ta’lim muassasasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuv natijasida aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya) magistratura mutaxassisligi, shu bilan birga, ingliz tili bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi qo‘shma ta’lim dasturini ochish haqida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari uchun Malayziyada malaka oshirish, bu yerdagi professor-o‘qituvchilarni institutdagi o‘quv jarayoniga biriktirish va hamkorlikda xalqaro loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri