Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlarning birida o‘sib kelayotgan yoshlarni barkamol inson sifatida voyaga yetkazish, ularda ona Vatanga sadoqat va muhabbat hissini shakllantirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Unda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari faxriylari, muddatli harbiy xizmatchilar, chegara oldi xududida joylashgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida faxriylar ishtirokchilarga o‘zlarining boy xizmat va hayotiy tajribalari haqida so‘zlab berdi. Jumladan, podpolkovnik J.Sanaqulov harbiy xizmatchilar va maktab o‘quvchilariga Qurolli Kuchlarimizda bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar, harbiylarga yaratilgan sharoitlarga to‘xtaldi.
Uchrashuv yakunida faxriylar bilan yangi barpo etilgan chegarani qo‘riqlash vzvodiga ekskursiya tashkil etildi. Shuningdek yoshlar bo‘linmadagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri