Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Toshkent shahriga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.
Koreya Respublikasi yetakchisi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillariga majmuada aks ettirilgan siymolar va tarixiy voqealar mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga e’tibor qaratgan kishi mana shu zalvorli o‘tmishning badiiy ifodasiga guvoh bo‘ladi.
Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qo‘yish an’anaga aylangan.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi. Tinchlik, erkinlik, ezgulik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasviri majmuaning bamisoli gultojiday ko‘rinishi e’tirof etildi.
Z.JONIBEKOV, N.HAYDAROV (surat), O‘zA