AQSH Savdo vakili O‘zbekistonda mehnat sohasidagi islohotlarni e’tirof etdi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay xonim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ketrin Tay xonim 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda mehnat sohasida katta islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
– O‘zbekistonning majburiy mehnatni yo‘q qilish, bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha olib borgan ishlari AQSH tomonidan olqishlanadi, – deydi Ketrin Tay. – Shuningdek, mehnat qonunchiligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar uchun O‘zbekiston tomonini tabriklaymiz.
Muloqotda 2019 yilda AQSH O‘zbekiston paxtasini Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilgan holda yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqargani, 2020 yilda AQSH tomonidan mamlakatimizga nisbatan qo‘llangan 12 yillik GCP monitoringi tugatilgani, shuningdek, 2022 yilda “Cotton Campaign” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning paxta mahsulotlariga e’lon qilingan boykoti bekor qilingani katta mamnuniyat bilan qabul qilinadigan voqelik ekani qayd etildi.

Mehmonlar qo‘lga kiritilgan bu kabi yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari hamda siyosiy irodasi tufayli ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, AQSH Savdo vakili O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga tez fursatlarda qo‘shilishini Qo‘shma Shtatlar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Muloqotda O‘zbekiston AQSH Mehnat vazirligi, Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi va Birdamlik markazi bilan turli sohalarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, qonunchilikni ta’minlash va takomillashtirish, shu orqali xalqaro mehnat standartlarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelayotgani qayd etildi.
Ketrin Tay xonim hozirda AQSH Hukumati ishchi-xodimlar huquqlariga ustuvorlik beruvchi yangi savdo siyosatini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqib, kelajakda majburiy mehnatni keltirib chiqaruvchi xavflarni erta aniqlash, kasaba uyushmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mehnat inspektorlari huquqlarini kengaytirish yo‘nalishlarida hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA