Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Qayd etilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi jamoat fondi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi  ijrosini ta’minlashda “Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi davlat granti uchun 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 2-tanlovi e’lon qilingan edi. Unga kelib tushgan loyihalar jamoat fondi komissiyasining majlisida ko‘rib chiqildi va g‘oliblar aniqlandi.

Komissiya a’zolarining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasining “Audio kitob eshitaylik”,  Nukus shahridagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inining “Mahallamni obod qilaman”, O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining “Biznesga ilk qadam”, Shumanay tumani  “Aybuyir” mahalla fuqarolar yig‘inining “Chevar qizning hunari”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Yoshlik” hududiy tadqiqot markazi jamoat birlashmasining “Jamiyatning innovatsion rivojlanish bosqichida yoshlarning mafkuraviy xavfsizligini ta’minlash”,  “San’at va madaniyat xabarchisi” jurnalining “Do‘stlikni kuylaymiz” loyihalari g‘olib deb topildi.

–Aholining, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilishda kitobxonlikning zamonaviy usullaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi  raisi Jenisbay Ayapov.–“Audio kitob eshitaylik” loyihamizni qo‘llab-quvvatlab, g‘olib deb topgani uchun minnatdorlik bildiramiz.

Tadbir yakunida g‘oliblarga sertifikatlar topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari