Mutaxassis: yoz faslida koʻproq suv ichish koʻzlarni quribqolishdan asraydi

362

Yozda koʻz nurining xiralashishiga taʼsir qiluvchi omillar koʻp. Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov qaynoq faslda ularni zararli taʼsirlardan himoya qilish boʻyicha bir necha tavsiyalar bilan oʻrtoqlashdi.

Shifokorning soʻzlariga koʻra, ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi koʻzoynaklar tanlash kerak. Bu, koʻzlarni quyoshning zararli nurlaridan asraydi. Keng shlyapa yoxud bosh kiyimlar ham ularni zararli taʼsirlardan saqlaydi.

Uzoq vaqt quyosh yoki yorugʻ muhitda boʻlganda, koʻzlarni dam oldirish uchun muntazam tanaffus qildirish lozim.

Doimiy ravishda ekranlar (kompyuter, telefon, gadjet) oldida oʻtirishdan saqlanish kerak. – Xalqaro amaliyotda
ekranlarning zararli taʼsiridan foydalanishda “20-20-20” qoidasi tavsiya qilinadi: har 20 daqiqada 20 soniya davomida 20 fut (6 metr) uzoqlikka qarang.

Qoʻllarni muntazam yuvish va yuzga tegmaslikka harakat qilish orqali koʻzlarni infeksiyalardan himoya qiling. Shuningdek, ularni tez-tez namlantirib turing.

Koʻzlar sogʻligʻi uchun foydali vitamin va antioksidantlar, masalan, A, C, Ye vitamini, yogʻ kislotalarini oʻz ichiga olgan oziq-ovqatlar isteʼmol qiling. Sabzi, ismaloq, baliq va sitrus mevalar yaxshi manba hisoblanadi.

Yoz faslida koʻproq suv ichish koʻzlarni qurib qolishdan asraydi.

Quyosh nuri eng kuchli boʻlgan 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan vaqtda ochiq havoda koʻp vaqt oʻtkazmaslikka harakat qiling.

Bu choralar koʻzlaringizni yoz faslida xavfsiz va sogʻlom saqlashga yordam beradi. Agar ularda biror noqulaylik yoki xiralashishni sezsangiz, oftalmologga murojaat qiling, deydi mutaxassis Otabek Ikromov.

 

OʻzA