O‘zbekiston va Ozarbayjon: parlamentlar hamkorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» imzolandi
O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarining amalga oshirilishini ta’minlashda parlamentlar ham muhim o‘rin tutmoqda. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash ishlari izchillik bilan amalga oshirilayotir.
Bok-u shahrida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova uchrashuvida shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
2022-yilda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Toshkentda imzolangan amaliy harakatlar rejasi, ya’ni «yo‘l xaritasi» ijrosi to‘liq ta’minlangani alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan 2024 – 2025-yillarga mo‘ljallangan yangi «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
Ushbu hujjatda parlament a’zolari o‘rtasida tashrif almashish orqali o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, undan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, ekologiya, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlar ham o‘rin olgan.
N.Abduraimova, O‘zA