Dunyo shaxmat ishqibozlari e’tibor-markazida bo‘lgan «UzChess Cup 2024» turnirining «Masters» guruhidagi musobaqalarning kecha o‘tkazilgan 2-turi kutilgan va kutilmagan natijalarga boy tarzda o‘tdi. Mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Yoqubboyev g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Abdusattorov va Sindorov durang natija qayd etdi.
2-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov – Shahriyar Mamedyarov 0,5:0,5, Sarina – Magsudlu 0:1, Yoqubboyev – Vidit 1:0, Sindorov – Rapport 0,5:0,5, Grishuk – Yang Yi 0,5:0,5 hisoblarida o‘yinlar yakunlandi.
Bugun, 8-iyun kuni «Masters» guruhidagi 3-tur musobaqalarida Yang Yi – Sarina, Rapport – Grishuk, Vidit – Sindorov, Abdusattorov –Yoqubboyev, Magsudlu – Mamedyarov kuch sinashadi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur tur «duel»larida shov-shuvlar kuzatilishi mumkin. Bu borada ayniqsa, Abdusattorov – Yoqubboyev kurashi o‘zbek shaxmat ishqibozlari qiziqishini oshirayotgan bo‘lsa, Eron va Ozarbayjon mamlakatlari vakillari uchun Magsudlu – Mamedyarov qarama-qarshiligi «aqllilar jangi»da ko‘p masalaga oydinlik kiritishi bilan ajralib turadi.
Ammo ushbu turning yana bir markaziy «jangi» Vidit – Sindorov o‘rtasida kechishini ham unutmaslik kerak. Bu, ikki vunderkind o‘rtasidagi o‘yin Toshkent musobaqalarining e’tiborli musobaqasi nomini olishi ham ehtimoldan yiroq emas. Boisi, Javohir Sindorov ham, hindistonlik Vidit Santosh ham hozirda jahon shaxmatida yangicha formatdagi o‘yin taktikasini qo‘llashga harakat qilayotgan yosh grossmeysterlar sanaladi.
O‘tkazilajak 3-tur ostonasida shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev 1,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ulardan keyingi o‘rindan joy olgan 6 nafar shaxmatchi 1 ochkoga egalik qilib turgan bo‘lsa, Aleksandr Grishuk va Vidit Santosh 0,5 ochko bilan so‘nggi pog‘onalarda bormoqda.
Shaxmatchilarning ochkolar sarhisobiga e’tibor qaratilsa, mukofot jamg‘armasi 166 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 3-turi yetakchilik uchun kurash aynan kimlar o‘rtasida kechishini anglatishi bilan ahamiyatlidir.
Musobaqaning “Challengers” guruhida ishtirok etayotgan shaxmatchilarimizdan Shamsiddin Vohidov 1,5 ochko bilan 3-tur o‘yinlari oldidan 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, Jahongir Vohidov 1 ochko jamg‘argan holda 3-o‘rinda bormoqda. Turnir jadvalini serbiyalik Aleksandr Indjich 2 ochko bilan boshqarib bormoqda.
«UzChess Cup 2024» turnirining “Futures” guruhida g‘oliblik uchun kurashayotgan yosh shaxmatchilarimizdan Saidakbar Saidaliyev, Muhammadzohid Suyarov va eronlik Bardiya Daneshvar 3-tur boshlanishi oldidan 1,5 ochkoga ega bo‘lgan tarzda peshqadamlik qilmoqda.
Mazkur guruhda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz Humoyun Bekmuratov va Muhiddin Madaminov hozircha 1 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat bo‘lgan nufuzli musobaqa 15-iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA