O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga  rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Rasmiy tashrifi doirasida qator oliy darajadagi tadbirlar o‘tkazildi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya va 19 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

***

Fransiya Ukrainaga “Mirage 2000” qiruvchi samolyoti yuboradi, deya bayonot berdi Prezident Emmanuel Makron BFMTV telekanaliga bergan intervyusida.

Yil oxirigacha ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash dasturi ish boshlaydi.

***

80 dan ziyod noqonuniy migrant o‘tirgan qayiq Britaniya sohiliga suzayotib, La-Mansh bo‘g‘ozida ag‘darilib ketgan. Ayni payt keng ko‘lamli qutqaruv amaliyoti olib borilmoqda.

Telegraph” gazetasi xabariga ko‘ra, qutqaruv ishiga britaniyalik va fransiyalik mutaxassislar jalb qilingan. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

***

– O‘tgan yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 36 586 kishiga yetdi, – deyilgan sektor sog‘liqni saqlash idorasi xabarida. – 83 ming 74 kishi jabrlandi.

***

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius “GFR yaqin yillarda Rossiya bilan urushga tayyorlanishi kerak” mazmunida bayonot berdi. “Focus” nashri uning gaplarini shunday keltirgan:

– Germaniya 2029 yilgacha urushga tayyorlanishi kerak. Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasi Berlinga Ukraina Qurolli kuchlariga berilayotgan harbiy va moliyaviy yordam tufayli qimmatga tushadi.

***

AQSH Prezidenti Jo Bayden juma kuni Fransiyada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi, deb xabar tarqatdi Oq uy.

AQSH yetakchisi rasmiy jadvaliga ko‘ra, muloqot Parijdagi “InterContinental Paris Le Grand Hotel” mehmonxonasida o‘tadi.

Ayni payt Bayden rafiqasi bilan ittifoqchi qo‘shinlar Normandiya sohiliga tushirilganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan rejalashtirishgan tadbirlarda ishtirok etish uchun Fransiyada bo‘lib turibdi.

***

Prezident Emmanuel Makron mahalliy OAVga bergan intervyusida Ukraina Qurolli kuchlariga Fransiya bergan qurol bilan Rossiya hududiga zarba berish uchun ruxsat berilgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

– Ukrainaga berilgan qurol bilan begunoh aholiga hujum qilishga ruxsat bermaymiz, hujum qilinayotgan nuqtalarni zararsizlantirish bo‘lsa, mayli, – degan Fransiya yetakchisi TF1 efirida chiqish qilib.

Avvalroq qator g‘arb siyosatchilari Ukraina NATO bergan qurol bilan Rossiya hududiga zarba berishga haqli, deya bayonot bergandi.

***

Armaniston tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda mamlakat tinchlik shartnomasini tasdiqlashga tayyorligi qayd etilgan:

– Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik kelishuvini imzolash vaqti keldi, Armaniston tomoni ishni nihoyasiga yetkazish va bir oy ichida hujjatni imzolash ustida konstruktiv va jadal ishlashga tayyorligini bildiradi, – deyiladi mamlakat TIV saytida e’lon qilingan bayonotda.

***

BMT Bosh Assambleyasi payshanba kuni Kamerunning sobiq Bosh vaziri Filemon Yangni 79-sessiyaga rais etib sayladi, deb yozdi “Sinxua” agentligi.

Yang 78-sessiya raisi Trinidad va Tobago siyosatchisi Dennis Frensis o‘rnini egallaydi.

***

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning AQSHdagi harbiy attashesiga Isroilni qora ro‘yxatga tushgan mamlakatlar safiga qo‘shishga qaror qilinganini ma’lum qildi. Bunga qurolli mojaro kechayotgan hududda bolalarga zarar keltirilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda Isroil televideniyesining 13-kanali xabar tarqatdi. Ta’kidlanishicha, BMTning yangilangan qora ro‘yxati kelasi hafta e’lon qilinadi.

– Isroil ushbu qaror dunyo mamlakatlari tomonidan Tel-Avivga nisbatan sanksiya qo‘llashga sabab bo‘lishidan xavotir olmoqda, – deyilgan xabarda. –Bu chora, jumladan, mamlakatga qurol yetkazib berilishi jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

S.Rahimov, O‘zA