Yaqinda Tramp kompaniyasi uning xususiy samolyotini o‘n million dollarga sotdi, chunki AQSH sobiq prezidentiga nisbatan olib borilayotgan sud jarayoni haddan ziyod mablag‘ talab qilmoqda, deyilgan “Daily Beast” tarqatgan xabarda.
– Joriy yil yarim milliard dollar jarima to‘lash to‘g‘risida sud qarori chiqqandan keyin Donald Tramp kompaniyasi may oyida uning shaxsiy samolyotlaridan birini savdoga chiqardi, – deb yozdi mazkur nashr.
Uchoq xaridori eronlik magnat, respublikachi nomzodga homiylik qiladigan Mehrdoda Muaydiy ekani ham aytilgan.
Avvalroq “Blumberg” agentligi saylov oldi kampaniyasi moliyaviy hujjati haqidagi ma’lumotga tayanib, sobiq Prezidentning cho‘ntagi bo‘shab borayotgani haqida yozgan edi. Ta’kidlanishicha, Tramp sud xarajatini hozir homiylardan mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanayotgan “Save America” qo‘mitasi hisobidan moliyalashtirmoqda.
“Financial Times” esa 2023 yil yanvardan buyon sud jarayoni uchun saylov oldi kampaniyasi xayriya qilgan mablag‘ning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 76 million dollari sarflab bo‘linganini ma’lum qildi.
Fevral oyida sud “Trump Organization” kompaniyasi aktivini baholashda firibgarlik alomatini topdi va Trampga 355 million dollar to‘lab qo‘yish majburiyatini yukladi. Jami jarima summasi esa foizi bilan 454 million dollarga yetdi. Bu ham yetmagandek, aybdorga uch yil mobaynida Nyu-Yorkda biror korporatsiyada direktor yoki xodim bo‘lib ishlash taqiqlandi. Qolaversa, ushbu muddatda u shtatda ro‘yxatdan o‘tgan moliya institutlariga kredit so‘rab murojaat ham qilolmaydi. Kutilganidek, Tramp sud qaroriga qarshi apellyatsiya bergan.
Sobiq davlat rahbariga qo‘yilgan yana bir ayb isbotlangan: CNN telekanali прокuрор Joshua Steinglass Nyu-York sudi hakamlar hay’atiga AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp aktrisaga pul to‘lab, saylov qonunchiligini buzganlikda aybdor deb bilishini aytgan.
Yakuniy xulosada saylov qonunini buzish, faktni yashirish yoki qonun buzilishiga sharoit yaratib berish aybi isbotlangani keltirilgan. “O‘zaro til biriktirilish holati bor”, degan prokuror.
Xullas, qator nashrlar Trampning ahvoli yaxshi emasligini yozmoqda. Axir, unga qarshi naq 34 ayb qo‘yilgan! Agar bu farazlar isbotlansa, hukm 136 yillik qamoq jazosi bo‘lishi mumkin. Sobiq yetakchi esa aybdor emasligi, unga qarshi ish ochishga asos yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda. Respublikachi nomzodning fikricha, siyosiy maqsad ko‘zlangan mazkur harakatlar uning mamlakat rahbarligi uchun kurashga qo‘shilishishi bilan bog‘liq, xolos.
Donald Tramp shu yil kuzga belgilangan prezident sayloviga respublikachilar partiyasidan nomzodini ko‘rsatgan. Uning asosiy raqibi amaldagi prezident, demokratlar vakili Jo Bayden hisoblanadi.
So‘nggi payt bir-birining obro‘sini tushirishga urinish, o‘zaro kamsitish, masxara qilish avjiga chiqayotganiga qaraganda, kurash kutilganidan ham keskin va qizg‘in o‘tishiga shubha yo‘q. Gap shundaki, Donald Tramp g‘alaba qozona olmasa, nafaqat qayta saylanish orzusidan mahrum bo‘lishi, balki sud xarajati tufayli “teshik tog‘ora” bilan qolishi, boz ustiga, ozodlikdan mahrum bo‘lish xavfi bilan yuzma-yuz qolishi mumkin. Mabodo saylovda ham yutib, aybdorligi ham isbotlansa, prezidentlik huquqidan foydalanishi va o‘zini o‘zi avf etishi mumkin. Jo Bayden g‘alabaga erishsa, Trampni avf etarmikan? Faqat shu savol ochiq qolmoqda.
Bayden uchun ham bu kurash juda muhim, chunki yutqazsa, raqibi ko‘rgiligi uchun o‘ch olishga tushadi. Buni amaldagi prezident ham, uning salaflari ham yaxshi tushunib turibdi. Shu ma’noda bahs ikki tomon uchun ham hayot-mamot masalasiga aylangan.
Eng so‘nggi xabarlarga qaraganda, Nyu-York sudi hakamlar hay’ati Donald Trampni behayo filmlar aktrisasi Stormi Denielsga o‘zaro aloqani yashirish uchun tilini tiyib yurishi evaziga pul bergani munosabati bilan biznes yozuvini soxtalashtirish bo‘yicha birinchi jinoiy ishda aybdor, deb topdi. “RIA Novosti” muxbiri yozishicha, siyosatchi 34 band bo‘yicha ayblangan. Hakam Xuan Merchan uzil-kesil hukm 11 iyul kuni soat 10:00 da chiqarilishini bildirdi. Albatta, Tramp sud hay’ati qaror ustidan shikoyat qilish huquqiga ega, lekin natija o‘zi uchun salbiy bo‘lishini ich-ichidan his qilayotgan bo‘lsa, ajabmas. Sudning yakuniy qaroridan hafsalasi pir bo‘lgan sobiq Prezident o‘zini siyosiy mahbus, deb e’lon qilib, oxirigacha kurashishini ta’kidlagan. Darvoqe, mazkur voqealar uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishiga to‘siq bo‘lolmaydi. Binobarin, najot kuzda o‘tadigan saylov natijasiga qolgan.
Amerika ma’muriyati vakili Ian Sams hakamlar hay’ati chiqargan hukmni sharhlarkan, Oq uy “qonun ustuvorligini hurmat qiladi”, dedi va boshqa izoh bermadi. Ya’ni, rasmiy doira o‘zini jarayonni vazminlik bilan kuzatib borayotgandek ko‘rsatmoqda. Aslida, sud qaroriga hech kim befarq emasligi aniq.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi