O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisi va xalqiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugungi yig‘ilish muborak Qurbon hayiti arafasida va ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 32 yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
– Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va sheriklikning barcha sohalarida yanada rivojlanishga kuchli sur’at bag‘ishladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal rivojlanmoqda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik faollashmoqda.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshdi. Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paydi.
Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Bugun O‘zbekistonda “Cengiz Holding”, “Aksa Energy”, “Çalık Holding”, “Akay Inşaat”, “Anadolu Group”, “Özgüven”, “Eczacıbaşı Holding” kabi yetakchi turk kompaniyalari tomonidan 100 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu galgi tashrif doirasida 10 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbul shahrida O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.
Oliy, professional va texnik ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari, madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, birgalikda tarixiy filmlar suratga olish va madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiyani qabul qilinayotgani va ikki davlat rahbarlari boshchiligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilganini olqishladilar.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha hukumatlarga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anni kengashning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.