O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Anqara shahrida ikki mamlakatning 500 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o‘g‘li ishtirok etdi.
Anjumanda “Davlat-xususiy sheriklik: O‘zbekiston – Turkiya hamkorligining yangi istiqbollari”, “O‘zbekiston – Turkiya hududlararo hamkorlik”, “Xususiylashtirish – iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi va biznes uchun imkoniyatlar”, “Canoat va geologiya sohasida qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish” mavzularida panel sessiyalar tashkil etildi.
Forumda nutq so‘zlagan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz Prezident Shavkat Mirziyoyev reformator sifatida juda ham kuchli lider ekani, bir tomondan O‘zbekistondagi erkin bozor iqtisodiyotini institutsionallashtirishga harakat qilayotgani, bir tomondan esa O‘zbekistonni dunyoga tanitayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, 2017-2023 yillarda Turkiya bilan savdo qilayotgan O‘zbekistondagi tadbirkorlik subektlari soni 2 baravarga ko‘payib, qariyb 5200 tani tashkil qildi. Mazkur kompaniyalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, turizm, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda faoliyat olib bormoqda.
– Amalga oshirilgan islohotlar allaqachon o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Ishonamanki, bu harakatlar yaqin yillarda O‘zbekiston va uning xalqi uchun yanayam katta yaxshiliklar olib keladi, – dedi Javdat Yilmaz. –Yana bir narsa ifoda qilmoqchiman – islohotlar velosiped haydashga o‘xshaydi. Pedalni har doim bosish kerak, to‘xtab qolmasligi kerak. Bu forumda qatnashib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar davom etayotganini yana bir bor ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim.
Yig‘ilishda, shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi Imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolangani yuqori baholandi. Bitim doirasida belgilangan 12 ta tovar bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi yil yakunida 30 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yil yanvar-aprel oylarida ushbu tovarlar savdosi hajmi yana 12 foizga o‘sdi.
Tadbir kun tartibidan Turkiya kompaniyalarining salohiyatli rahbarlari bilan savdo-sanoat, sog‘livni saqlash, turizm kabi qator sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muzokaralar va taqdimotlar o‘rin oldi.
Forum doirasida O‘zbekiston – Turkiya iqtisodiy va biznes doiralarining o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, sanoat klasterlarini tashkil etish, energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash, elektrostansiyalar barpo etish, tekstil va charm-poyabzal ishlab chiqarish, davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobil yo‘llari, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish yuzasidan bir qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Jumladan, O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Istanbul zargarlar palatasi o‘rtasida hamkorlikka erishildi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA