Anqara shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ikki tomon vazirlik va idoralar rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari ishtirok etayotgan anjumanda bir nechta mavzularda panel sessiyalar o‘tkazilmoqda.
Xususan, “Davlat-xususiy sheriklik: O‘zbekiston – Turkiya hamkorligining yangi istiqbollari” mavzusidagi sessiyada 10 ta salohiyatli turk kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etish uchun anglashuv memorandumi imzolanishi ko‘zda tutilgan. Munozarada 2024-2025 yillarda e’lon qilinishi kutilayotgan tenderlarga turk tadbirkorlarini jalb qilish uchun taqdimot ham o‘tkazilyapti.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasidan ma’lum qilishlaricha, biznes- forum doirasida “O‘zbekiston – Turkiya hududlararo hamkorlik” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Samarqand, Toshkent, Xorazm va Buxoro viloyatlarida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish masalasi muhokama qilinmoqda. Shuningdek, unda viloyatlarning turistik salohiyatini namoyish qilish va yangi turistik infratuzilma loyihalariga turkiyalik tadbirkorlarni jalab qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etish kerak, kuni kecha Istanbul shahrida ham O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda Turkiya qurilish materiallari korxonalari uyushmasi hamkorligida qurilish materiallari bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi tashkil qilindi.
Bugungi kunda qurilish materiallari sohasida investitsiya dasturi doirasida Turkiya Respublikasi bilan hamkorlikda qiymati 111,4 million dollar bo‘lgan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yil yanvar-aprel oylarida esa Turkiya davlatiga 1,8 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Hozirda respublikamizda Turkiya sarmoyasi ishtirokida 100 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Ularning eksport qiymati 500 million dollarni tashkil etadi.
Turkiyada O‘zbekiston to‘qimachilik imkoniyatlari namoyishi ham keng taraqqiy etayotgani quvonarli. Jumladan, O‘zbekiston–Turkiya to‘qimachilik forumida yurtimizda to‘qimachilik eksporti 2026 yilda 6,3 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Mazkur forum orqali O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyatini keng ommaga namoyish etish, uning nufuzini oshirish va eksport hajmini yanada ko‘paytirish maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, birozdan so‘ng Anqara shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etilgan “Invest in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ish boshlaydi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA