Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor masalalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi va sohadagi tadbirkorlar bilan muloqotda ta’kidlandi.
Shuningdek, muloqotda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan:
– xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish;
– kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmini qaytarish tizimini joriy qilish;
– Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish;
– bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.
O‘z navbatida, Prezidentimiz sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari va rejalari tinglandi.
O‘zA