O‘zbekistonda pomidor tanqisligi kuzatilishi mumkinmi?

336

Bugungi kunda issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor hajmi ko‘paygan va mamlakatning janubiy viloyatlaridan plyonka ostida tunnel usulida yetishtirilgan pomidor hosilining birinchi ulgurji partiyalari bozorga chiqqan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pomidor asosan mart-aprel oylarida va takroriy muddatlarda iyun-iyul oylarida hamda issiqxonalarda ekiladi. Joriy yil hosili uchun hududlarda barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan jami 117,7 ming gektar, shundan erta bahor oylarida 67,9 ming gektar, takroriy muddatlarda 46,6 ming gektar hamda 3,3 ming gektar issiqxona xo‘jaliklarida pomidor ekilgan.

Ushbu maydonlardan yil yakuniga qadar jami 2,7 million tonna pomidor yetishtirish kutilmoqda. Bugungi kunda asosan ochiq maydonlarga pomidorning TMK-22, Volgograd 5/95, Madera F1, Istiqlol, Sultan F1, Sadin G‘1, Zara F1 navlari ekib, parvarish qilinmoqda. Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida «Alamina», «Pink paradays», «Kommodo» va «Azra» navlari yetishtirilmoqda.

2023-2024 yillarda pomidor eksport va import hajmi qancha bo‘lgan?

Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari, Tojikiston, Ukraina, Turkmaniston, Latviya va Germaniya kabi ko‘plab xorijiy davlatlarga o‘tgan 2023 yilda jami 44346,2 ming dollar miqdoridagi jami 57 930,8 tonna pomidor mahsuloti eksport qilingan bo‘lsa, 91,7 ming dollarlik 78,1 tonna pomidor import qilingan.

Joriy yilda eksport ko‘rsatkichi 19 093,3 tonna pomidor uchun 17 624,3 ming dollarni, import hajmi 857,8 tonna mahsulot uchun 789,0 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni tashkil etgan.

Pomidor parvarishi: ular nimani yoqtirmaydi?

Soha vakillarining tavsiyasiga ko‘ra, mahsulotni yetishtirishda zaruriy agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish talab etiladi. Xususan, pomidor ekish rejalashtirilgan yerlarni tayyorlash ishlari kuz oylaridan boshlanib, hosildan bo‘shagan maydondagi yirik o‘simliklar qoldiqlaridan tozalanib, mahalliy o‘g‘it sochib chiqiladi. Keyin maydon 28–30 sm chuqurlikda yumshatiladi. Ekishdan oldin maydonlar yana 14–16 sm chuqurlikda yumshatiladi.

Suv tanqisligi kuzatilgan hududlarda pomidor barglari buralib qolishi holatlari uchraydi. Bunda pomidor bargchalari namligini yo‘qotib, so‘lib, qayiqcha shaklida buralib boshlaydi. Ayniqsa, yupqa bargli navlarda namlik yetishmasligi tezroq bilinadi. Barglarini burma qilib, o‘zini suvsizlikdan himoya qilishga urinadi.

Odatda dehqonlar namlik ortib ketmasligi va zamburug‘li infeksiyalar paydo bo‘lmasligi uchun ekinga kam miqdorda suv berishadi. Natijada asosiy tomiri chuqurroqda joylashgan pomidorning ildiz tizimiga namlik yetib bormaydi. Ortiqcha namlik ham zararlidir — bu holda pomidor barglari teskari tarafga buralib qolish orqali belgi berishi mumkin. Bunday muammoni bartaraf etish uchun issiqxonada yoki ochiq maydonda sug‘orish va yumshatish qoidalariga rioya qilish kerak. Yerdagi namlik darajasini bir me’yorda ushlab turishning yaxshi yo‘li — pomidor agatlarida tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish hamda ekin ostidagi yerni mulchalash.

Sug‘orishda ob-havo sharoitini hisobga olish lozim. Agar havo issiq va pomidorlar ozroq so‘lib qolayotgan bo‘lsa, haftada ikki marta sug‘orish kerak. Salqin havoda haftada bir marta sug‘orish kifoya qiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA