Samarqandda ilk bor Xalqaro avtomobil federatsiyasining konferensiyasi o‘tkaziladi
Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) 2024 yilgi kengaytirilgan konferensiyasi ilk bor Markaziy Osiyoda, aniqrog‘i, Samarqand shahrida tashkil etiladi.
Joriy yilning 10-13 iyun kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda o‘tkaziladigan mazkur konferensiya doirasida Xalqaro avtomobil federatsiyasining 2024 yilgi navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi FIA Bosh Assambleyasi tashkilotning120 yilligiga bag‘ishlanishi bilan ahamiyatlidir.

Aytish lozimki, FIA — Xalqaro avtomobil federatsiyasi 1904 yilda tashkil etilgan. Besh qit’aning 147 mamlakati a’zo bo‘lgan federatsiya global avtosportni boshqaruvchi organ hisoblanadi. O‘zbekiston 2019 yilda Xalqaro avtomobil federatsiyasi a’zosi bo‘lgan.
Tadbir Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turistik majmuasining kongress markazida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda 147 mamlakatdan 500 nafardan ortiq milliy avtomobil federatsiyasi prezidentlari, avtosport klublari va boshqa avtosportga daxldor tashkilotlarning delegatlari ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan.
Shu kunlarda Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy avtosport va karting federatsiyasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu nufuzli anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish borasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA