YeXHT DIIHB missiyasi vakillari siyosiy partiyalar yetakchilari bilan uchrashdi

322

Avval xabar berilganidek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Kecha, 29 may kuni missiya vakillari siyosiy partiyalarda bo‘lib, partiyalar yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashida partiya raisi Abdushukur Hamzayev delegatsiya vakillari – saylov bo‘yicha katta maslahatchi Keara Kastaldo, saylov bo‘yicha maslahatchi Kaha Inaishvili bilan uchrashdi. Suhbat davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, siyosiy partiyalar faoliyatidagi muhim o‘zgarishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

«Adolat» SDP Siyosiy kengashi Markaziy apparatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda partiya Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova O‘zbekiston «Adolat» SDPning o‘tgan davrdagi faoliyati, partiyaning g‘oya va maqsadlari hamda Saylovoldi dasturidan kelib chiqadigan vazifalarning ijrosi, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ularning haq-huquqlarini to‘laqonli ta’minlashga qaratilgan islohotlar xususida ham so‘z bordi.

Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Keara Kastaldo boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov mehmonlarni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining maqsad-vazifalari, partiyaviy g‘oyalar ijrosi bo‘yicha qilingan ishlar va so‘nggi yillardagi tashabbuslar bilan tanishtirdi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlarda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA