Tadbirkorlik sub’ektlariga qanday erkinliklar berilmoqda? (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tabiiy monopoliya va raqobat to‘g‘risidagi ikkita qonun bilan ish faoliyatini ko‘rsatar edi. Ikkita qonunning birlashtirilishi natijasida yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 2023 yilning 3 oktyabridan kuchga kirdi.
Qonunning kuchga kirishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlariga qanday erkinliklar berildi?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Sadulloyev mazkur savolga quyidagicha javob berdi.
—Qonunning kuchga kirishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘plab erkinliklar berildi. Misol uchun, tabiiy monopoliya to‘g‘risidagi qonunda elektr energiyasini ishlab chiqarish va transportirovka qilish xizmati bor. Yangi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishida esa faqatgina tarmoq infrastrukturasi bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarda tabiiy monopoliya sub’ekti deb e’tirof etilishi belgilandi.
Bunga izoh berib o‘tsam. Hozirgi kunda aksariyat aholi xonadonlarida o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatiladigan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish boshlandi.
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish imkoniyati paydo bo‘ldi. Aytaylik, ma’lum bir tadbirkorning ikkita viloyatda elektr energiyasiga ehtiyoji yuqori. Endi o‘z shaxsiy ehtiyojiga davlatdan sotib olmaslik uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida yoki bo‘sh turgan joyda quyosh panelini o‘rnatish orqali u yerda elektr energiyasini tashkil qiladi.
Ya’ni, “A” manzildagi elektr energiyasi “B” manzilga yetkazib beriladi. Bu yerda asosan tarmoq infrastrukturasi “A” punktdan elektr energiyasini tarmoqqa tushiradi va “B” punkti esa elektr energiyani qabul qilib oladi. Shu punktlar oraliq masofasida elektr energiyasi transportirovka qilish xizmati tarifi (narxi)ning shakllanishi va qo‘llanishi davlat tomonidan nazorat qilinadi.
Suhbatning to‘liq qismini O‘zAning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali kuzatishingiz mumkin.
N.Rahmonova, A.Sodiqov, A.Ahmedov (video), O‘zA