Davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi

322

Oliy Majlis Senatining 52- yalpi majlisida “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi.

Bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanmaslik, uni ijaraga berish tartiblari buzilishi bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘plab uchramoqda. Bu esa o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishning oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra, davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi. Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Qonun davlat mulkini ijaraga berishda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga, davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Qobil Tursunov,

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy

islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

O‘zA