Meva-sabzavotlar eng ko‘p qaysi davlatga eksport qilingan?
Meva-sabzavot yetishtirish mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Serquyosh yurtimiz o‘zining xilma-xil, tabiiy, sarxil meva-sabzavotlari bilan mashhur.
So‘nggi yillarda respublikamizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i sifatida meva-sabzavot yetishtirishga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari joriy yil 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish maqsadida aholiga yana 60 ming gektar yer tarqatilishini ma’lum qilgandi. Buning natijasida 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni 200 million dollarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston xorijga qiymati 298,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 514 ming 800 tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 43,3 foizga yoki 155 ming 600 tonnaga ko‘payganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (26,3 foiz), Pokiston (24,2 foiz), Qozog‘iston (13 foiz) va Xitoy (9,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, 80 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olingan.
Shahnoza Toshtemirova,
O‘zA