O‘zbekistonda “Tvinning” dasturi doirasida xalqaro ekspertlar o‘z ishini boshladi

205

Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va tartibga solish ta’sirini baholash sohalarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligida mazkur maqsadlarni o‘z ichiga olgan “Tvinning” dasturini O‘zbekistonda amalga oshirishning dastlabki bosqichlari vazirlik mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, “Tvinning” moliyaviy va texnik yordam loyihasi bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining benefitsiar mamlakatlarida Yevropa Ittifoqining eng yaxshi amaliyotiga asoslangan ma’muriy tuzilmalarning institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Dastur 1989 yildan buyon amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Germaniya xalqaro-huquqiy hamkorlik fondining EU Twinning loyihasi rahbari Anya Sheller-Shletter boshchiligidagi Germaniya va Latviya davlatlarining qonunchilik bo‘yicha xalqaro ekspertlari ishtirok etdi.

Mazkur uchrashuv to‘rt kunlik muhokamalarning dastlabki bosqichi bo‘lib, unda “Tvinning” dasturi doirasida qilinadigan ishlar va kutilayotgan natijalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar taqdimotlari, takliflari va fikr-mulohazalari o‘rganiladi hamda loyihaning ish rejasi ishlab chiqiladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA