Amerika Qo‘shma Shtatlari toliblar (BMT sanksiyasi ostidagi “Tolibon” harakati)ni Afg‘onistonning rasmiy hukumati sifatida tan olmaydi, deya bayonot berdi Oq uy milliy xavfsizlik kengashi strategik aloqalarni muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi.

– Tolibon hukumat tepasiga kelganida zimmasiga olgan majburiyatlarining birortasini ham bajarmadi, – dedi Kirbi jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda. – Biz bu harakatni rasmiy hukumat sifatida tan olinishi tarafdori emasmiz va tan olmaymiz. Agar Rossiya ularni tan olsa, bu boshqalar uchun yomon ishora bo‘ladi.

Avvalroq RF TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiya “Tolibon” harakatini terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilmoqchi, deya bayonot bergan edi.

2021 yil avgust oyida Toliblar amaldagi hukumatga qarshi hujumni faollashtirdi. 15 avgust kuni ular Kobul shahriga kirdi va ertasiga urush tugaganini e’lon qildi. 31 avgust kuni tunda amerikalik harbiylar Kobul aeroportini tark etdi. Shu tariqa Amerika armiyasining ushbu yurtdagi 20 yillik faoliyati nihoyasiga yetdi. O‘sha yil sentyabr oyida Afg‘onistonning vaqtli hukumati tarkibi e’lon qilindi.