Noqonuniy baliq ovlash natijasida tabiatga 1 milliarddan ortiq zarar yetkazildi

Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Konimex tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tumanning «Sho‘rko‘l» MFY hududidagi reyd davomida fuqaro Y.O. tomonidan 5000 metrlik sintetik to‘r yordamida tabiiy suv havzasi hududida 218 bosh baliq noqonuniy ovlanganligi aniqlandi. Natijada tabiatga 1 milliard 240 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Yetkazilgan zararni undirish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuboriladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi 627-sonli Qonuniga asosan, 10 martdan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash taqiqlangan.
Baliqlarning urug‘ qo‘yish mavsumi davomida Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarida 10 martdan 31 mayga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalarida 25 apreldan 10 iyunga qadar va boshqa barcha suv havzalarida 16 apreldan 31 mayga qadar baliq ovlash mumkin emas.
O‘zA