O‘zbekiston – Rossiya: bugun va kelajak

1362

O‘zbekiston – Rossiya munosabati o‘nlab tahliliy maqola uchun yetarli mavzu. Bu haqda katta-kichik asarlar bitilgan va o‘z o‘quvchilarini topgan. Binobarin, Yangi O‘zbekiston va XXI asrdagi zamonaviy Rossiya aloqalarining bugungi murakkab geosiyosiy davrdagi o‘ziga xos tomonlari, ravon va notekis yo‘llari mavjud-ki, yirik iqtisodiy-publitsistik tadqiqotga asos bo‘lgulik. Hozir uzoq tarixga ega ana shu aloqalarning bugungi kuni tafsilotiga qisqacha to‘xtalamiz.

Rossiya nigoh bilan qamrab bo‘lmaydigan kengliklarga ega ulkan va qudratli davlat. Aholisi soni bo‘yicha Hindiston, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan keyingi sanoqli davlatlar katorida turadi. Inson resursi, yer osti va usti tabiiy boyliklari orzu qilsa arziydigan darajada bitmas-tuganmas…

Tan olish kerak, hech qanday tabiiy boyligi yo‘q ayrim mamlakatlar bugun ra’iyatining zakovati, aql-idroki, tadbirkorligi, xo‘jalikparvarligi bilan aholisi turmush darajasini bosgan qadami oltin, kumush, neft yoki gaz bo‘lgan yurtlardan qolishmaydigan darajaga olib chiqqani ham rost. Bu alohida mavzu. Umuman, bugun dunyo mamlakatlari kelajakni, strategik istiqbolni hammaslak davlatlar bilan birga qurishga intilmoqda. Osiyoga daxldor O‘zbekiston va Rossiya ham bundan mustasno emas.

Bizni temir, havo, avtomobil yo‘llari bog‘lab turadi. Bevosita tutash, chegaradosh bo‘lmasa-da, bu ikki davlat azaliy birodar, hamkor.

O‘zaro munosabatda, tabiiyki, iqtisodiy aloqalar muhim o‘rin tutadi.

– Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida tovar ayirboshlashi miqdori so‘nggi uch yil mobaynida har yili 5-10 emas, 20 foizdan ortib bordi, – deydi Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov hukumatlar aro qo‘shma Komissiyaning yaqinda Toshkentda o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida.

Iqtisodiy munosabatdagi salmoqli o‘sish jiddiy oldinga siljish ekanini ta’kidlash joiz. Rivojlanish shunday sur’at bilan davom etsa, ikki yildan keyin Rossiya bilan tovar ayirboshlash 200 foiz ortadi.

– Bu oldimizga qo‘yilgan aniq reja. O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi 2030 yilga borib ikki karra oshishi kerak, – davom etadi D.Manturov. O‘sish Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiya natijasida investitsiya kamayishi asnosida kuzatilayotgani e’tiborli. Biznesning o‘z qonun-qoidasi bor: vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish, paydo bo‘lgan imkoniyatdan unumli foydalanish darkor. Aytgancha, yuzaga kelgan holatda xalqaro majburiyat, siyosiy mas’uliyatga sodiq qolgan holda, iloji boricha bir-birimizga yordam ko‘rsatyapmiz va bundan ikkala tomon ham foyda ko‘ryapti. O‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmokda.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda investorlarimizda o‘zaro qiziqish ortmoqda. O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha Rossiya Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda ayni miqdor 10 milliard dollarni tashkil qilgan.

Hukumatlar aro qo‘shma komissiya yig‘ilishida iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirishga qaratilgan qator yangi hujjatlar imzolandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, farmatsevtika, avtomobilsozlik va temir yo‘l mashinasozligi sohalarida yaqin kelajakda amalga oshiriladigan loyihalar ko‘rib chiqildi.

Rossiya endilikda O‘zbekistonning yetakchi ma’rifiy, ilmiy-amaliy hamkoriga ham aylanmoqda. Toshkentda Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti, Bauman nomidagi texnika universiteti, Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Butunrossiya kinematografiya instituti kabi mashhur oliy o‘quv yurtlari filiallari ochilishi mamlakatimiz, xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotidagi ulkan voqeadir. To‘g‘ri, milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizni chuqur o‘rganish, yanada rivojlantirish, takomillashtirish shart va zarur, bu biz uchun ustuvor vazifa. Ayni dam dunyo ilmiy-madaniy yutuqlari, san’at yangiliklaridan boxabar bo‘lish, jahon tajribasini izchil o‘rganish ham taraqqiyotga yetaklovchi omillardan biri ekanini unutmaslik lozim.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa O‘zbekistonga qiziqish kun sayin ortmoqda. Yurtimizga kirib kelgan investitsiyaning umumiy miqdori 38 milliard dollarga yetdi. Respublikamizda birgina Rossiya kapitali asosida 24 000 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritmoqda. Iqtisodiyotimizning asosiy sarmoyadorlaridan biri bo‘lgan RFning diyorimizdagi investitsiya loyihalari portfeli qiymati 20 millard dollardan iborat. Yana 10 milliard dollarlik yangi loyihalar ishga tushirish navbatini kutib turibdi.

Yuqori texnologiya asosidagi faoliyatga yunaltirilgan kichik biznesni ishlab chiqarishga jalb qilish yo‘lida yangi sanoat parklari tashkil etilyapti. Bu borada muayyan ilg‘or tajriba to‘plangan. Qozon shahridagi “Ximgrad” kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan “Chirchiq” va “Jizzax” texnoparklari yuqori samara bera boshladi.

Federatsiyaning jami 80 sub’ekti bilan savdo-iqtisodiy aloqa o‘rnatilgan. O‘zbekistonning Rossiya bilan mahsulot ayirboshlash bo‘yicha 3,8 foizlik nisbati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida 5-ko‘rsatkich hisoblanadi.

Davlatlarimiz o‘rtasida turizm aloqasi ham tobora avj olmoqda. 2023 yil xalqimizning hayoti, o‘ziga xos turmush tarzi bilan tanishish, yurtimizdagi noyob tarixiy, me’moriy, madaniy yodgorliklarni tomosha qilish, serquyosh o‘lkamizning meva-chevasi – anori, uzumi, qovun-tarvuzidan qonib iste’mol kilish uchun tashrif buyurgan rossiyalik sayyohlar soni ikki barobar ortdi.

Irismat Abduxoliqov,

O‘zA sharhlovchisi