Qozog‘istonning Olma-ota shahrida stol tennisi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatining Markaziy Osiyo saralash turniri o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston qizlar terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ikkinchi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Ushbu yo‘llanma uchun o‘tgan uchrashuvda hamyurtlarimiz mezbon terma jamoa ustidan 3-2 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa qizlar o‘rtasidagi musobaqa yakunida Eron terma jamoasi birinchi, O‘zbekiston termasi ikkinchi, Qozog‘iston esa uchinchi o‘rinlarni band etdi.

O‘g‘il bolalar orasida Eron shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi, mezbonlar esa ikkinchi bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi uchinchi pog‘onani egalladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionati 30 iyundan 6 iyulga qadar Xitoyning Chunsin shahrida bo‘lib o‘tadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA