Milliy sport turimiz kurash bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati joriy yilning 6—10-iyun kunlari Eron poytaxti Tehronda bo‘lib o‘tadi.

Kecha mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etadigan sportchilarni ro‘yxatga olish ishlari yakunlanganligi e’lon qilindi.

Taqdim etilgan talabnomalarga binoan 20 ta davlatning 250 nafardan oshiq kurashchi yoshlari o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishi belgilangan.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) xabariga ko‘ra, o‘n uchinchi marta o‘tkazilayotgan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ilk bora qochoqlar jamoasi ham ishtirok etadi. Bu kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalar tarixida birinchi marta yuz bermoqda.

Qochoqlar jamoalari to‘g‘risidagi qaror 2023-yil Ashxobodda o‘tgan IKA kongressi va 2024-yil Dubay shahrida o‘tkazilgan IKA boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishlarida muhokama qilingan va tegishli normativlar qabul qilingan edi.

Endilikda qochoqlar jamoasi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvimidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Bunda jins toifasidan tashqari irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishlari hisobga olinmaydi. Jamoa Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan koordinatsiya qilinadi.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi standartlari asosida jamoaning bayrog‘i va madhiyasi sifatida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bayrog‘i va madhiyasidan foydalaniladi.

Tehronda bo‘ladigan mazkur qit’a chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoasi ayni kunlarda Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» sport bazasida so‘nggi mashg‘ulotlarni olib bormoqda.

— Chempionatga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Mamlakatimizning deyarli barcha yetakchi kurashchilari, tajribali murabbiylar mashg‘ulotlarga jalb etilgan. O‘quv-yig‘inni to‘la-to‘kis olib borishimiz uchun Sport vazirligi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan, — deydi terma jamoa bosh murabbiyi Rizamat Soliyev.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 24 ta davlat terma jamoalari ishtirokida Xitoyning Xangjou shahrida o‘tkazilgan kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz 4 ta oltin, 2 ta kumush medal bilan umum jamoada hisobida 1-o‘rinni egallagan edi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA