FIFA qaroriga ko‘ra, futzal bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati mamlakatimizda o‘tkaziladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Musobaqa 14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur bellashuvlarni tomosha qilish uchun 30 mingdan ortiq muxlis kelishi kutilmoqda.
26 may kuni esa Samarqand shahridagi Registon majmuasida mazkur nufuzli chempionat o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi. Marosimda FIFA va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi mas’ullari, 24 davlat futzal jamoalari murabbiylari va mutasaddilari ishtirok etadi.
Kecha davlatimiz rahbariga sport ta’limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish rejalari bo‘yicha axborot berilganda mazkur chempionatga ko‘rilayotgan tayyorgarlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. Prezidentimiz chempionat va uning doirasidagi tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.
Ayni paytda Samarqandda qur’a tashlash marosimiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi kechmoqda.
– Marosimga hozirlik ancha oldin boshlangandi, – deydi Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Aprel oyi boshida Samarqandga FIFA prezidentining futzal bo‘yicha yordamchisi, FIFA musobaqalar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Haime Yarza boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikramov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va boshqa mas’ullar bilan birga qur’a tashlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingandi. Shu yerning o‘zida shtab tashkil etilib, tayyorgarlik jarayonlari muvofiqlashtirib borildi. FIFA vakillari ayni paytda Samarqandda bo‘lib turibdi, boshqa mehmonlar ham ertaga shahrimizga yetib kelishadi.
Qur’a tashlash marosimi dunyoning 200 dan ortiq mamlakatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinadi. Buning uchun Registon maydonida zarur shart-sharoit yaratildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari