Sifatsiz qurilishlarni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

Bino va inshootlar qurilishida shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu borada Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021 yilda 30 ming 454 ta, 2022 yilda 32 ming 531, 2023 yilda esa 36 ming 245 ta ob’ektning qurilish ishlari ustidan tegishli davlat nazorati o‘rnatilgan.
Ushbu jarayonda Inspeksiya tomonidan 2021 yilda 3 ming 139 ta, 2022 yilda 6 ming 116 va 2023 yilda 7 ming 597 ta ma’muriy jazo choralari (jarimalar) qo‘llanilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ishtirokida o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi.
Inspeksiyaning axborotida keltirilganidek, qurilish ob’ektlarida sifatsiz qurilish materiallari va buyumlardan foydalanilganlik uchun tegishli organ va tashkilotlarga 2021 yilda 190 ta, 2022 yilda 396 ta va 2023 yilda 892 ta taqdimnoma kiritilgan.
Shuningdek, 2023 yil va 2024 yilning birinchi choragida respublikamizdagi mavjud ko‘p kvartirali uylardan texnik foydalanish, ularni saqlash masalalarini takomillashtirish, uylarning tayanch qobiliyati va zilzilaga bardoshliligining pasayishiga, ularning ekologik tashqi ta’sirlarga chidamsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladigan holatlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish borasida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Masalan, ko‘p kvartirali uylarni texnik foydalanish qoidalariga rioya etilishini o‘rganish natijasida 2023 yilda 3 ming 95 ta, 2024 yilning birinchi choragida 2 ming 506 ta holatda aniqlangan o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan o‘zgartirishlar va rekonstruksiya qilish kabi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Shu bilan birga, 2023 yilda 4 ming 125 ta ko‘p kvartirali uylardagi mavjud 11 ming 401 ta liftning texnik holatlari o‘rganilib, ularning 3 ming 989 tasining pasportlari mavjud ekani va 1 ming 474 tasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani aniqlangan. Qolgan liftlarga pasportlarni rasmiylashtirish va ularni yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazishni ta’minlash to‘g‘risida tegishli tashkilotlarga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Munozaralar davomida deputatlar Inspeksiya tomonidan qurilishi tugallangan yangi ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish ishlarini tartibga solish va uylarni tizimli ravishda foydalanish (ekspluatatsiya)ga qabul qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.
Bu borada ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonida ularga boshqarish xizmatini ko‘rsatuvchi boshqaruvchi tashkilotlarni jalb etish va ularni “Mening uyim” billing axborot tizimiga kiritish orqali ekspluatatsiyaga qabul qilish tadbirlari jadal ravishda amalga oshirilayotgani aytildi.

Muhokamalar davomida bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash, qurilishda sifatni oshirish choralarini ko‘rish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA