Germaniyada o‘zbek adiblari ijodiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Germaniyaning Mayns universitetida birinchi o‘zbek romannavisi Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligi va shoir Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Yohann Gutenberg nomli Mayns universiteti Slavyan tillari, Turkologiya va Boltiqbo‘yi davlatlari tillarini tatbiq etish instituti ko‘magida uyushtirilgan tadbirda oliygoh professor-o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan germaniyalik talabalar, universitetda tahsil olayotgan va ilmiy tadqiqot olib borayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Adabiy kechada oliy o‘quv yurti Turkologiya kafedrasi boshlig‘i professor Yulian Rench o‘zbek adabiyoti taniqli namoyandalari xotirasi Germaniyadagi turkologiya va o‘zbek tili o‘rgatiladigan ta’lim muassasalarida e’zozlanishi nafaqat mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish, balki xorijda o‘zbek tili va adabiyotiga qiziquvchilar safini kengaytirishiga ham xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbirda mamlakatimizdan borgan mutaxassislar, universitet o‘qituvchilari Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf ijodi, ular qoldirgan adabiy meros haqida ilmiy ma’ruzalarini taqdim qilishdi.
Shuningdek, tadbirda ijodkorlarimiz asarlari, she’rlaridan parcha o‘qildi. “O‘tgan kunlar” romani asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi, milliy raqslar namoyishi barchaga manzur bo‘ldi.
Ayni kunlarda yurtimiz tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni xorijda keng targ‘ib qilish hamda mamlakatimiz nufuzini oshirish maqsadida elchixonamiz tomonidan Germaniyaning o‘zbek tili va adabiyoti o‘rgatiladigan oliy ta’lim muassasalarida atoqli o‘zbek adiblari ijodiga bag‘ishlangan adabiy kechalar o‘tkazilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA