Samarqand shahrida joriy yil 13-14 may kunlari Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tdi.

“Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda 30 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlarning 40 nafardan ortiq vakillariishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida tashkil etilgan forumda so‘zga chiqqan BMT, Parlament assambleyasi kabi yirik xalqaro tashkilotlar vakillari O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Forumda O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash va oilalar mustahkamligi masalalari mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi. Natijada ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotimizda, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.

Anjumanda ishtirokchilar o‘zaro tajribalar almashish, xalqaro tashkilotlar va moliyainstitutlarning bu boradagi zamonaviy yondashuvlarini o‘rganish maqsadida sessiyalarga bo‘lingan holda fikr almashdi.

Bo‘lib o‘tgan sakkiz sessiyada gender tenglikni ta’minlash, bu boradagi xalqaro hujjatlar, ularning bajarilishi, gender bo‘yicha stretegiyalarni milliy maydonda amalga oshirish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etishning mintaqaviy jihatlari, ularni bartaraf etish bo‘yicha preventiv chora-tadbirlar, nodavlat tashkilotlarning xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi ilg‘or tajribasi, amaliyoti va innovatsion yondashuvlar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muzokaralar olib borildi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi. Keyingi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.

Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan o‘tkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.

Gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uning to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar mo‘ljallangan gender strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Ikki kunlik forum doirasidagi muloqotlarda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, bu boradagi sa’y-harakat hamda imkoniyatlar tahlil qilindi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda imkoniyatlarni ochib berish, shu jumladan, mehnatga teng haq to‘lash va Osiyoda ayollar tadbirkorligi uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Forum yakunida olib borilgan muzokara va muhokamalar natijasi sifatida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini har tomonlama mustahkamlash va ularni amalda ta’minlash, gender tenglikka erishish, zo‘ravonlikka barham berish, gumanitar huquqni hurmat qilishga qaratilgan maqsadlar aks etgan.

Jumladan, Osiyo mamlakatlarida XXI asrda har kim tenglik, taraqqiyot va farovonlik sharoitida yashab, xotin-qizlar va erkaklar adolatli dunyo barpo etish yo‘lida birgalikda harakat qiladigan jamiyat shakllanishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA muxbiri