Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yuksak saviya va yangi formatda tashkil etilgan ushbu taqdirlash marosimiga taniqli jurnalistlar, faxriy-ustozlar, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda media soha xodimlari, jurnalistika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talabalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalar vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarining mutasaddilari taklif  etildi.

Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Barcha jarayonlarni tezkor, xolis, tanqidiy-tahliliy ruhda yoritishga bo‘lgan intilish kuchaydi. Ayni paytda axborot tarqatish jarayonida katta mas’uliyat bilan kasbiy burchni, jurnalistik kasbi etikasini  teran anglagan holda yondashish tobora dolzarbldik kasb etmoqda.

Milliy media sohasida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli tanlovlar ko‘pligiga qaramasdan, har bir ijodkor “Oltin qalam” sohibi bo‘lishni orzu qiladi. Chunki “Oltin qalam” tanlovining nufuzi baland, bu mukofot ijod maydonida yuksak e’tirof ramziga aylanib ulgurdi.

Tantanali tadbirda “Oltin qalam” Milliy mukofoti Tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani, jurnalistlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga to‘xtalib,  bu yilgi “Oltin qalam” tanlovi haqida ma’lumot berdi.

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 600 ga yaqin mahalliy va xorijiy OAV vakillari 4 mingdan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida, jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonida jurnalistlarning faolligini ko‘rsatadi.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan “Oltin qalam” Milliy mukofoti O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan 2006 yilda ta’sis etilgan va har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar davomida tanlov takomillashib, uning qamrovi yanada kengaydi.

Bosh milliy mukofot 2007 yil joriy etildi va asosiy nominatsiyalar qatoriga  internet-jurnalistika yo‘nalishi kiritildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rinlar belgilandi. 2021 yildan boshlab esa  “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi asosiy mukofotlar qatoriga qo‘shildi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, taklif va tavsiyalar asosida “Oltin qalam” tanlovi nizomiga ham o‘zgartirishlar  kiritildi.

Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2023 yildan boshlab “Oltin qalam” tanlovi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga ko‘paytirildi.

Unga ko‘ra, bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. O‘tgan yili “Oltin qalam” XVII tanlovining bosh milliy mukofoti — Prezident sovg‘asi —  “Gentra” avtomobili O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetiga topshirilgan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, 1-o‘rin sohibiga O‘zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 200 baravari, 2-o‘rin sohibiga 175 baravari, 3-o‘rin sohibiga 150 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.

Shuningdek, 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har bir g‘olibi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Jurnalistlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o‘tishini ta’minlash maqsadida har yili tanlov Hakamlar hay’ati tarkibiga yo‘nalishlar bo‘yicha ustoz jurnalistlar, media sohaning taniqli vakillari kiritilayapti.

Taqdim etilgan ijodiy ishlar esa mavzuning ijtimoiy ahamiyati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, so‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida xolis baholanadi.

Bu yilgi tanlovga televideniye yo‘nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o‘z materiallarini taqdim etgan bo‘lsa, radio yo‘nalishida 26 nafar, bosma OAV yo‘nalishida esa eng ko‘p — 178 nafar, internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham har yilgidan ko‘p — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashgan. Bu yilgi tanlovning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, odatda, har yili jamoaviy qatnashuvchi tahririyatlar soni 5-10 ta bo‘lardi.

Joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni 3 barobar oshgan, ya’ni 40 taga yaqin tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etgan.

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” yo‘nalishi 12 ta nominatsiyadan biri sifatida belgilangan. Ushbu nominatsiya  bo‘yicha 22 nafar jurnalist 30 ga yaqin publitsistik janrdagi kitoblari bilan ishtirok etgan.

Tanlovning “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominatsiyasi g‘olibi esa 47 nafar fotojurnalistning 1500 ga yaqin ijodiy ishlarini baholash orqali aniqlangan. Bu yo‘nalishda ishtirok etgan ijodkorlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshgani fotojurnalistning jamiyat hayotida faolligidan dalolat beradi.

Rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning qolgan 10 ta yo‘nalishi g‘oliblari tanlovning televideniye, radio, bosma nashrlar va internet nashrlari bo‘yicha 550 nafarga yaqin OAV vakillari orasidan mukofotga loyiq ko‘rilgan.

“Oltin qalam” XVIII tanlovida xalqaro hamkorlar tomonidan taklif etilgan rag‘batlantiruvchi  nominatsiyalar e’lon qilingani ham e’tiborga molik. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan joriy qilingan 2 ta nominatsiya, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan kiritilgan 1 ta nominatsiya bo‘yicha ijodiy ishlar qabul qilindi.

Xalqaro hamkorlarning rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari g‘oliblari maxsus diplom va sovg‘alar bilan taqdirlanadi hamda Xitoy Xalq Respublikasi va Turkiya Respublikasiga bepul sayohatga borish yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Tanlov ishtirokchilari ko‘pligini, taqdim etilgan ijodiy ishlarning rang-barangligini hisobga olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi yana ikkita qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi nominatsiya joriy etdi va g‘oliblar taqdirlandi.

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh mukofotga Uzreport TV — O‘zbekistondagi nodavlat informatsion telekanali munosib topildi. Bosh milliy mukofotga loyiq ko‘rilgan jamoaga Prezident sovg‘asi  — “Tracker”avtomobili sovg‘a qilindi.

– Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida ham o‘z aksini topmoqda, – dedi “Uzreport TV” telekanali bosh muharriri Saidolimxon Turdiboyev. – Mehnatimiz katta sahnalarda yuksak e’tirof etilganidan juda mamnunmiz. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. Bu mukofot butun jamoamizning yutug‘i sanaladi.

Tantanali tadbirda g‘oliblarga “Oltin qalam” milliy mukofotining statuetkasi, diplomi, pul mukofotlar tantanali topshirildi.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA