Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi – WAM саҳифасида Dubay integratsiyalashgan iqtisodiy zonalar boshqarmasi (DIZ) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani yoritildi.

Maqolada Toshkentga rasmiy tashrif doirasida vazir Laziz Qudratov boshqarma bosh direktori Doktor Muhammad Az-Zaruniy va delegatsiya a’zolarini qabul qilgani, muloqot chog‘ida savdo aylanmasi miqdorini, har ikki mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atini oshirishga yordam beradigan bitimning ahamiyati urg‘ulangan.

Memorandum doirasida raqamli texnologiya va barqarorlik sohalariga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalarning raqamli savdoni rivojlantirishdagi rolini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani, korxonalarimiz uchun qo‘shma raqamli platforma ishlab chiqish,  konstruktiv hamkorlik va samarali sheriklikni kengaytirish rejasi ko‘rib chiqilganiga e’tibor qaratilgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA