Nukusda madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivalida g‘oliblik uchun bahslar davom etmoqda.

Unda yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan yosh iqtidor egalari baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun o‘z mahoratini namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti M.Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq artistlari M.Toshmatov, I.Jalilov kabi taniqli san’atkorlardan iborat hakamlar hay’ati chiqishlarni baholab bormoqda.

Baxshichilik yo‘nalishi bo‘yicha bahslar Nukus shahrida joylashgan sport maktabida qurilgan maxsus pavilonda bo‘lib o‘tdi. Tanlovda jami 3 yosh toifasida 36 nafar ishtirokchi o‘zaro kuch sinashdi.

Ular milliy dostonlar ijrosi bo‘yicha o‘z iste’dodini namoyon etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, qobiliyatlilar ichida eng yaxshi deya baholangan 3 ta yosh toifasi bo‘yicha 16 nafar ishtirokchi tanlovning finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Yosh baxshilar g‘alaba uchun birinchi qadamni bosib o‘tdi. Endi ular 15-may kuni tanlovning finalida qobiliyatini namoyon etadi.

Opera yo‘nalishida 3 yosh toifasida 39 nafar ishtirokchi bahslashdi. Boshqa yo‘nalishlardan farqli o‘laroq final bahslari bir kunda o‘tkazildi. G‘oliblar 16-may kuni Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadigan gala konsertda e’lon qilinadi.

Shuningdek, ishtirokchilarning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish uchun muzeylarga, Orolbo‘yining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli mavzularda uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari