Vetnamning Danang shahrida Osiyo taekvondo ittifoqining Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ishtirok etdi.
Qayd etish lozimki, assambleyada o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi. So‘ng kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi va muhokama qilindi. Shuningdek, 2024 yilda Osiyo qit’asida tashkil etiladigan nufuzli musobaqalar ro‘yxati shakllantirildi.
Jumladan, tadbirda joriy yilda o‘tkaziladigan VI Armiya o‘yinlarining mezboni aniqlandi. Unga ko‘ra, musobaqa 15-20 oktyabr kunlari Indoneziyaning Tangerang shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Assambleya davomida 2025 yilgi kadetlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga Malayziya davlati mezbonlik qilishi e’lon qilindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA