AQSH davlat kotibi oldindan e’lon qilmagan holda Kiyevga tashrif buyurdi. Uning Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

– Blinken Ukrainaga oldindan e’lon qilinmagan diplomatik missiyasini amalga oshirdi, – deyilgan “Assoshieyted Press” agentligi tarqatgan xabarda. – Yuqori martabali mulozim Bayden ma’muriyatining Ukraina mudofaasi va uzoq muddatli xavfsizligiga sodiqligini ta’kidlash niyatida.

Davlat departamenti vakili Mettyu Miller aniqlik kiritishicha,  Blinken Zelenskiydan tashqari Bosh vazir Denis Shmigal va TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan ham suhbatlashadi. Jang maydonida yuzaga kelgan vaziyatni, AQSHning yangi yordami qay darajada samarador bo‘lishi masalalarini muhokama qiladi, Vashingtonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Blinken ikki kunlik tashrif davomida ukrainalik mulozimlar va faollarga “ishonchni mustahkamlovchi kuchli ishora yo‘llaydi”. Blinkenga hamrohlik qilayotgan shaxslar ma’lum qilishicha, Ukraina yangi yordam to‘plami doirasida allaqachon zambaraklar, havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari  va uzoq masofaga uchiriladigan raketalar olgan.