Endi alkogolli ichimlik iste’mol qilganlik maxsus alkotesterlar orqali aniqlanadi

Huquqiy munosabat
Ma’lumki, transport vositalarini boshqarayotgan shaxsning mastlik holatida deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lsa, transport vositasini boshqarishdan chetlashtirilishi va mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak.
Endilikda alkogolli ichimlik iste’mol qilganlik ichki ishlar bo‘limlarining navbatchilik qismlaridagi maxsus alkotesterlar orqali aniqlanadi.
Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov batafsil to‘xtaldi.
–Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-apreldagi 190-sonli qarori qabul qilindi va bu qaror bilan Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Mazkur qarorga asosan 2024-2025-yillar davomida ichki ishlar organlari tasarrufidagi navtabchilik qismlari bosqichma-bosqich jami 208 ta alkotester bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Yuqoridagi 190-sonli qarorga asosan, alkotester tekshiruvi kamida 2 nafar xolis ishtirokida, zarur hollarda esa shifokor yoki boshqa mutaxassis ishtirokida o‘tkaziladi. Undan oldin mas’ul xodimlar shaxsni va xolislarni alkotesterning ishlash tartibi bilan tanishtiradi va ularning talabiga asosan qiyoslash sertifikatini ko‘rsatadi. Tekshiriluvchi shaxs yuqoridagi ma’lumotlar va hujjatlar ko‘rsatilmaganda yoki moslamaning nosozligiga shubha uyg‘onganda yoki alkotester o‘tkazish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari buzilganda, alkotester tekshiruvidan bosh tortishi mumkin.
Tekshiriluvchi shaxsning og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori chiqsa, mas’ul xodimlar bu shaxsga nisbatan alkogolli ichimliklar iste’mol qilganligi yuzasidan xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtiradi.
Agar shaxs alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortsa yoki unda texnik vositalar orqali o‘tkazilgan alkotester tekshiruviga e’tiroz bo‘lsa, mas’ul xodimlar ushbu shaxsni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tumandagi davolash-profilaktika muassasasiga olib boradi. Fakt o‘sha yerda aniqlanadi.
Agar shaxs tuman davolash-profilaktika muassasasida ham tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortsa, unga nisbatan qonuniy javobgarlik choralari ko‘riladi. Agar shaxs alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda bo‘lib, mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan yoki qayerdaligini aniq anglab yetmaydigan holatda bo‘lsa, mas’ul xodimlar bu shaxsni Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 644-sonli qaroriga muvofiq tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib boradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA