Vatanni seving, uni ardoqlang

218

9-may – Xotira va qadrlash kuni

Nukus shahrida Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirokida tadbirlar tashkil etildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab “Inson aziz, xotira muqaddas!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlarning asosiy maqsadi Ikkinchi jahon urushida jang qilgan insonlarning hayot yo‘li misolida  yoshlarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdir.

Nukus shahrida joylashgan “Vatanparvarlar bog‘i”ga ko‘p yillar Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan faxriylar va yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan sayohat yosh avlodning harbiy kasbga qiziqishini oshirish, yoshlarning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirishga xizmat qiladi.

Dastlab faxriylar va yoshlar “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatan ozodligi yo‘lida kurashib o‘tganlarning xotirasini yodga oldi. Faxriylardan fashizmga qarshi kurashishda ota-bobolarimiz ko‘rsatgan qahramonliklari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng “Vatanparvarlar bog‘i”da joylashgan harbiy texnikalar bilan tanishuv o‘tkazilib, ularning jangovar qudrati, yaratilish tarixi atroflicha tushuntirib berildi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar uchrashuvga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Ikkinchi jahon urushi haqidagi ma’lumotlarni o‘zida saqlab kelayotgan “Vatanparvarlar bog‘i”dagi “Xotira uyi” yoshlar va faxriylarning keyingi manzili bo‘ldi. Ota-bobolarimiz jasorati haqidagi ma’lumotlar, urush yillari davriy nashrlarda chop etilgan maqola va ocherklar, yozilgan xatlarning nusxalari va boshqa ma’lumotlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘quvchi-yoshlar va Qurolli Kuchlar faxriylari shaxmat taxtasi ustida uchrashib, o‘zaro bahslashishdi. Sog‘lom raqobat muhitida o‘tgan bellashuv o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining hech kimdan kam emasligini, sportda, bilimda, san’at va ijodda o‘zlarini namoyon eta olishlarini isbotladi. Musobaqa yakunida yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlar va faxriylar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Mudofaa vazirligining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak-nishonlari nafaqada bo‘la turib, yoshlar tarbiyasida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh vazirlik faxriylariga tantanali tarzda topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbirlari