Bugun butun dunyoda Jahon matbuot erkinligi kuni keng nishonlanmoqda.

BMT tomonidan e’lon qilingan bu sanani nishonlashdan maqsad axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surishdir. Shu bilan birga, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash kunidir.

Matbuot erkinligi – demokratiya va adolatning tamal toshi. Ammo, hozirgi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda.

Shuningdek, jurnalistlar po‘pisa, ta’qib va zo‘ravonliklarga uchramoqda. Xususan, 2022-yilda ommaviy axborot vositalarining kamida 67 nafar xodimi o‘ldirilgan bo‘lib, bu raqam 2021-yildagiga nisbatan 50 foiz ko‘pdir.

Bundan tashqari, jurnalistlarning to‘rtdan uch qismi onlayn-zo‘ravonlikka duch kelgan bo‘lsa, yana to‘rtdan bir qismi jismoniy tahdidlarni boshidan o‘tkazgan.

YUNESKO tomonidan dunyoning o‘nlab mamlakatlarida jurnalistlarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Bu borada bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

YUNESKO Bosh direktori Odre Azule matbuot erkinligi va OAV xavfsizligi masalalari bilan faqatgina media tashkilotlar va shu sohaga ixtisoslashgan NNT emas, balki butun jamiyat shug‘ullanishi lozim, deb hisoblaydi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda matbuot erkinligi qanday ta’minlanayotganiga to‘xtalib o‘tsak. Xalqimiz 2023-yil 30-aprel kuni referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.

Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.

Binobarin, internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan: “Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan,  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlandi.

Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.

Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos, bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa, boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:  “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan ko‘zlangan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning konstitutsiyalarida mavjud.

O‘z navbatida, yangilangan Konstitutsiyaning 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlangan: “Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  ommaviy  axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Bu normalar jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Muhimi, bularning barchasi jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratmoqda.

 

G‘ulom Mirzayev,  

O‘zbekiston Respublikasida  

xizmat ko‘rsatgan jurnalist.  

O‘zA