Britaniya auksionida “Titanik”dagi eng boy kishining soati sotildi

310

XX asrda cho‘kib ketgan “Titanik” kemasining eng boy yo‘lovchisi Jon Astorga tegishli tilla soat Buyuk Britaniyadagi kimoshdi savdosida qariyb 1,5 million dollarga sotildi, deya ma’lum qildi “Sky News” telekanali “Henry Aldridge & Son” kimoshdi savdo uyi bergan ma’lumotlarga tayanib.

“Titanikdagi eng badavlat kishi jasadidan topilgan cho‘ntak soati 1,175 million funt sterlingga sotildi”, – deb xabar tarqatdi mazkur telekanal. Ta’kidlanishicha, avvaliga soatni 100-150 ming funt sterling oralig‘ida sotish rejalashtirilgan edi.

“Henry Aldridge & Son” kimoshdi savdo uyining ma’lum qilishicha, ushbu soat “Titanik” kemasidan topilgan va savdoga qo‘yilgan buyumlar orasida eng qimmati hisoblanadi.

Tarixdan ma’lumki, Britaniyaning eng yirik yo‘lovchi kemasi – “Titanik” 1912-yil 14-aprelda o‘zining birinchi safarini amalga oshirayotganda muz tog‘iga urilib cho‘kib ketgandi. “Asr halokati” deb ta’rif berilgan ushbu voqea taxminan 1,5 ming kishining okean tubiga g‘arq bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.