Nukusda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT PARK va boshqa mas’ul tashkilotlar ishtirokida Orolbo‘yida birinchi marotaba “Digital Forum Karakalpakstan – 2024” forumi tashkil etildi.
Tadbirda IT, innovatsiya, tadbirkorlik, o‘quv markazlari, startap loyihalar vakillari va qobiliyatli yoshlar jam bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, forumda Nukus shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-10-11-sinf o‘quvchilari, professional ta’lim maskanlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoshlarning IT, tadbirkorlik, innovatsiya yo‘nalishlaridagi faolligini oshirish, shu bilan birga, ularning mazkur yo‘nalishlardagi loyiha va startaplarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika bo‘ylab turli tadbirlar, tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Tadbirda Nukus shahridagi barcha davlat va nodavlat o‘quv yurtlarining ko‘rgazmalari ham tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda, forum doirasida taqdimot qilingan mahsulot va xizmatlarni amaliyotga tatbiq etish orqali ko‘riladigan daromad haqida ma’lumot berildi.
Forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad Qoraqalpog‘iston Respublikasida raqamli texnologiyalar bo‘yicha faoliyat olib borayotgan IT korxonalarining xizmatlari va mahsulotlarini keng jamoatchilikka yetkazish, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etishdir.
Forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari