Quyosh panellari ishlab chiqariladi
Davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga qaratayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida bugun yurtimiz rivojlanishning yangicha yo‘nalishida qadam bosib, bu borada tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Nukus shahridagi “Nukus elektroapparat” qo‘shma korxonasida yillik quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh panellarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirildi. Korxonaning yangi yo‘nalish bo‘yicha ish boshlashi uchun uskunalar Xitoy davlatidan olib kelingan.
Hozir ishlab chiqarish Koreya texnologiyasi asosida amalga oshirilmoqda.
Qarorning mohiyati tushuntirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova Amudaryo tumanidagi ovul va mahallalar mas’ullari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Shuningdek, mas’ullarga aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik darajasini pasaytirish, suv, tabiiy gaz, elektr energiyasidan samarali foydalanish hamda tejab ishlatish borasida tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.
Markaz binosi foydalanishga topshirildi
Ellikqal’a tumanida “O‘zbektelekom” binosining foydalanilmasdan turgan qismida Masofaviy xizmatlar ko‘rsatish markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi V.Niyazimbetov ishtirokchilarni yangi markazning ochilishi bilan qutladi va kerakli jihozlar, kompyuter jamlanmalarini topshirdi.
Markazning ta’mirlash ishlari uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 320 million so‘m mablag‘ yutib olinib. “Tuproqqal’a maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qisqa muddatda foydalanishga topshirildi. Markaz 90 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlar uchun barcha imkoniyat va sharoit yaratilgan.
Deputat ko‘mak berdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashi deputati Ilhomjon Atabayevga o‘zi saylangan hudud – Maxtumquli ovuli fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi saylovchilar tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda qishloq aholisi tomorqa yerlarini sug‘orish masalasi muammo ekanligini ma’lum qilib, ariq- zovurlarni tozalashda amaliy yordam so‘rashgan. Deputatning ko‘magi bilan Ishan-yab kanalida 1 kilometr uzunlikda ariq qazib berildi. Natijada hududdagi 200 dan ziyod xonadon tomorqasi, 10 dan ortiq dehqon va 2 ta fermer xo‘jaligining yerlariga suv yetkazish ishlari amalga oshirildi.
Kredit mablag‘ini o‘zlashtirish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda kredit mablag‘ini o‘zlashtirish holati aniqlandi.
“A.V.” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul shaxslari tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan 85 bosh naslli qoramolni sotib yuborib, 2,5 milliard so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi, shuningdek 787,4 million so‘m soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganliklari fosh etilgan. Bundan tashqari, bankning amaliyot bo‘limi mas’ul shaxslari kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan 3,5 milliard so‘mlik ko‘chmas mulklarni asossiz garovdan chiqarib yuborganliklari ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri