O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Nizomda:

autsorserni aniqlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;

autsorsing xizmatlarini moliyalashtirish tartibi;

autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari;

autsorsing xizmati ko‘rsatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlar davlat xaridlarining maxsus axborot portali hamda ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirib boriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tajriba-sinov natijalariga ko‘ra ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda, 2025-yil 1-dekabrga qadar keyingi yillar uchun autsorsing asosida ekspluatatsiya qilinadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.

Toshkent davlat transport universitetida yo‘l xo‘jaligi xodimlari, shu jumladan, xususiy sektor vakillari uchun “Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish” yo‘nalishida malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha alohida o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Ushbu vaqtinchalik nizom 2026-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

O‘zA