Statistika agentligining ma’lum qilishicha, 2024-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston 2,66 milliard dollardan ortiq qiymatda oltin eksport qildi.

2023-yilning birinchi choragiga nisbatan qimmatbaho metallar eksporti hajmi 15,3 foizga oshdi.

Oltinning O‘zbekiston umumiy eksportidagi ulushi 2024-yilning yanvar-mart oylarida 41,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilning yanvar-mart oylarida bu ko‘rsatkich 37,8 foizni tashkil etgan edi.

So‘nggi vaqtlarda jahonda oltin narxining keskin o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Hozirda bir unsiya oltin narxi qariyb 2410 dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekiston 8,1 milliard dollarlik oltin sotgan, bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘pdir.

O‘tgan yili mamlakat oltin sotish bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki oltinning ikkinchi yirik xaridoriga aylandi. Birgina o‘tgan yilning dekabr oyida respublika 9 tonna qimmatbaho metall sotib oldi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA