Kecha Saudiya Arabistoni poytaxtida nufuzli tashkilot hisoblangan Islom olami uyushmasi Oliy Kengashining 46-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Islom olami uyushmasi Oliy Kengashi a’zoligiga qabul qilingani to‘g‘risida qaror qilindi.

Bu, Muftiy hazratlari faoliyati davomidagi to‘rtinchi yirik tashkilotga a’zolikdir, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabarida. Bular – Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA), Islomiy fiqh akademiyasi (Saudiya Arabistoni) va Islom olami uyushmasi Oliy Kengashi (Saudiya Arabistoni) kabilardir.

Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirligi, Kuvayt, Qatar, Turkiya, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlardan kelgan vazirlar, taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, davlat va din arboblari hamda xalqaro islomiy tashkilotlar yetakchilari ishtirok etdi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Bosh muftiysi, Islom olami uyushmasi Oliy Kengashi raisi Abdulaziz bin Abdulloh Ol Shayx, Masjid al-Harom va Masjid an-Nabaviy diniy ishlari raisi, Masjid al-Harom imom-xatibi Shayx, Doktor Abdurrahmon ibn Abdulaziz as-Sudays, Misr Vaqflar va Islom ishlari vaziri doktor Muhammad Muxtor Jum’a Mabruk va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh va boshqalar qatnashdi.

Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Shayx Doktor Muhammad Abdulkarim al-Iso janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu anjumanda ishtirok etdi.

Anjumanda butun jahonda tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirish, xususan, Falastin va G‘azo mintaqasidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, islom ummati birligiga erishish, ayrim musulmon mamlakatlaridagi noxush holatlarni isloh qilish, Rohinja musulmonlarining haq-huquqlarini himoya qilish, diniy ramzlarning tahqirlanishi, ayniqsa, Qur’oni karimni yoqish kabi holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik va islomofobiya xatti-harakatlarining oldini olish kabi o‘ta muhim masalalar muhokama qilindi.

So‘zga chiqqan notiqlar Yaqin Sharqda qurolli qarama-qarshiliklar oqibatida tinch aholi vakillari, ayollar va yosh bolalar halok bo‘layotgani, keskinlik kun sayin murakkablashib, qurbonlar soni ortib borayotgani sababli zudlik bilan G‘azodagi o‘t ochishni, harbiy harakatlarni to‘xtatish, begunoh aholi va fuqarolarni himoya qilishga chaqirish barobarida Falastin muammosini adolatli hal etishga da’vat etdilar.

Yig‘ilish yakunida tegishli qarorlar va bayonotlar qabul qilindi.

 

O‘zA