Toshkent shahridagi “Jar” sport majmuasida sambo bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Anatoliy Kochedikov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan 200 nafardan ziyod mahoratli yosh sambochilar 9 ta vazn toifasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
2008-2010-yillarda tug‘ilgan mahoratli sambochilar o‘rtasidagi murosasiz bahslarning 46 kilogrammlilar o‘rtasida andijonlik Shahboz Abdulhakimov oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, -49 kilogrammda qoraqalpog‘istonlik Zuhritdin Kurbanbayevga, -71 kilogrammda samarqandlik Abdulloh Rahmonovga teng keladigani topilmadi.
Qolga barcha vaznlarda poytaxtlik sportchilarning qo‘li baland keldi. Bu esa -53 kilogrammda Abdurahmon Sa’dullayev, -58 kilogrammda Murod O‘rinov, -64 kilogrammda Beknur Berkinbayev, -79 kilogarmmda Taras Buchinsev, -88 kilogrammda Ramazon Bozorov, +88 kilogrammda Mixail Bozorovning 1-o‘rinni egallashiga olib keldi. Musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Qozog‘iston vakillari 3 ta bronza, Qirg‘iziston va Rossiya sambochilari 1 tadan bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
G‘olib va sovrindorlar medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA