O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Surxondaryo viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun investorlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq:

2024-yil 1-maydan 2026-yil 31-dekabrga qadar Surxondaryo viloyatida investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan bir martalik subsidiya ajratiladi;

subsidiya 2024-yil 1-maydan 2026-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan mehmonxona uchun uning toifasi va xonalar sonidan qat’i nazar ajratiladi;

subsidiya O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan, shuningdek, bankrotlik va tugatish jarayonida bo‘lmagan investorlarga ajratiladi.

Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun – 15 mln so‘m;

1 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun – 20 mln    so‘m;

2 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun – 25 mln  so‘m;

3 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 27-iyuldagi PQ-238-son qarorida belgilangan miqdorlarda.

Qaror bilan Surxondaryo viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun investorlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Nizomda:

subsidiya ajratiladigan investorlarga qo‘yiladigan talablar;

subsidiya olish uchun ariza berish tartibi hamda taqdim etiladigan hujjatlar;

arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish tartibi;

subsidiya ajratishni rad etish asoslari;

subsidiya sifatida ajratilgan mablag‘larni investorlarga o‘tkazish tartibi belgilab berilgan.

 

                                                                                                          O‘zA