Tadbirkorlik subyektlariga biznesni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Lekin kreditni qaytarish majburiyatini o‘z vaqtida bajarmayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining 2023-yil 11-iyundagi qaroriga asosan, “Gulleneber Xalqabad” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan aksiyadorlik-tijorat “Xalq banki” foydasiga 1 milliard 525 million so‘m undirish belgilangan.
Qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash haqida bir necha bor ogohlantirish berilgan va 1,5 milliard so‘mlik qarz uchun unga tegishli bo‘lgan Kegeyli tumani Xalqabad guzari ko‘chasida joylashgan qiymati 1,6 milliard so‘m bo‘lgan bino Majburiy ijro byurosi Kegeyli tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olingan.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, xatlangan ko‘chmas mulk elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan. Auksion savdolarida binoga xaridor topilmaganligi sababli ushbu mulk qarzdorlik evaziga joriy yilning 18-aprel kuni aksiyadorlik-tijorat “Xalq bank” balansiga o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.