O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Qonuni (O‘RQ-922-son, 18.03.2024 y.) imzolandi.

Unga ko‘ra, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiyalarni to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirildi.  (Pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun nafaqat Pensiya jamg‘armasiga, balki o‘zlariga qulay bo‘lgan  Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.

Pensiyalarning eng kam miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi belgilandi. Bunda, pensiyalar miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borilishi qayd etildi.

Shuningdek, pensiya yoshiga yetgan fuqaro uchun jamg‘argan pensiya mablag‘larini Xalq bankining mobil ilovasi  orqali olish imkoniyati yaratildi. Fuqaroda ushbu huquq yuzaga kelganligi Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilgan  ma’lumotlar asosida aniqlanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA