Qatarda futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichida birinchi tur bahslari yakunlandi. “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi mazkur musobaqaning ilk turida kutilmagan natijalar qayd etildi.

Dastlab, “A” guruhida Avstraliya yoshlari Iordaniya termasi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Qatar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Indoneziyani qiyinchiliksiz 2:0 hisobida yengdi.

Bu natijadan so‘ng, mazkur guruhda musobaqa mezboni 3 ochko bilan karvonboshiga aylandi. Avstraliya va Iordaniya 1 ochko bilan keyingi pog‘onalardan o‘rin olgan bo‘lsa, Indoneziya mag‘lubiyat evaziga 4-o‘rin sohibi bo‘ldi.

“B” guruhida Yaponiya garchi Xitoyni 1:0 hisobida yenggan bo‘lsada, yuqori saviyada o‘yin namoyish eta olmadi. Xitoy ham bir necha bor hisobni tenglashtirish imkoniga ega bo‘ldi, lekin natija o‘zgarmadi. Janubiy Koreya – BAA o‘yini ham teng kurashlar ostida o‘tdi. Ochig‘i, ko‘pchilik Janubiy Koreyaning ushbu o‘yinda osongina g‘alaba qozonishini kutgan edi. Koreyalik futbolchilar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Lekin bu g‘alaba ularga oson bo‘lmadi.

Nima bo‘lganda ham “B” guruhida Yaponiya va Janubiy Koreya o‘zlari uchun muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi va guruhda birinchi hamda ikkinchi pog‘onani egalladi. BAA uchinchi, Xitoy to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

“S” guruhida so‘nggi yillarda futbolni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgan Tailand olimpiya terma jamoasi ilk o‘yinda Iroq bilan kuch sinashdi va 2:0 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni ilk turda Tojikiston ustidan 4:2 hisobida ustun keldi.

Mazkur natijadan so‘ng Saudiya Arabistoni guruhda peshqadam bo‘ldi. Tailand esa faqatgina gollar hisobiga ko‘ra ikkinchi, Tojikiston va Iroq 3-4 o‘rindan joy oldi.

Osiyo kubogining “D” guruhida ham birinchi tur uchrashuvlari qizg‘in kechdi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi «Khalifa International» stadionida Malayziya termasi bilan o‘yin o‘tkazdi. Vakillarimiz ushbu bahsda 2:0 hisobida raqibdan ustun keldi. Dastlabki golni penaltidan Jasur Jaloliddinov kiritgan bo‘lsa, ikkinchi golga Ulug‘bek Hoshimov mualliflik qildi.

Mazkur o‘yinda qiziq holat yuz berdi. Jamoamizning musobaqadagi ilk goli penaltidan kiritildi. Qizig‘i shundaki, O‘zbekistonda o‘tgan turnirda ham dastlabki golimiz penaltidan urilgan edi. O‘shanda Turkmaniston termasi bilan o‘tgan uchrashuvda Ulug‘bek Hoshimov 11 metrlik nuqtadan darvozani aniq nishonga olgan edi.

Yaxshi an’ana. Umid qilamizki, bu yil ham bundan ikki yil avvalgi natijalarni qayd etamiz va “Parij-2024”ga yo‘l olamiz. Faqat ushbu maqsadga erishish uchun jamoamiz o‘yinini yanada yaxshilashi kerak. Ochig‘i, birinchi o‘yinda futbolchilarimiz biroz qiynaldi. Shu o‘rinda o‘yin statistikasiga bir nazar tashlasak.

Statistikaga ko‘ra, Temur Kapadze shogirdlari o‘yinda jami 13 marta raqib darvozasi tomon zarba berdi, ularning 4 tasi aniq. Ularning 2 tasini golga aylandi. Uchrashuv davomida 518 marta o‘zaro to‘p uzatgan bo‘lsak, malayziyalik yosh futbolchilar 369 marotaba bir-birlariga to‘p oshirishdi. To‘p nazorati ham bizning foydamizga — 69/31. Ha, statistika va hisobda ustunlik biz tomonda. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Malayziya qit’amizning o‘rtamiyona jamoasi hisoblanadi. O‘zbekiston olimpiya termasi esa har tomondan Osiyoning kuchli 4 jamoasidan biridir. Shu sababli ham bu kabi o‘yinlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni jiddiy raqiblarga duch kelgunga qadar bartaraf etish lozim.

Guruhimizdagi ikkinchi o‘yinda Vetnam 3:1 hisobida Quvaytni yengdi. Ochig‘i, mazkur bahs turning eng qiziqarli o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Jamoalarning birinchi bo‘limdagi teng kurashi ham qizil kartochkalarda, ham hisobda bilindi. Biroq ikkinchi bo‘limning 48- va 76-daqiqasida Vi Xao Buyning gollari Vetnamning ishonchli g‘alabasini ta’minladi.

Shu tariqa, Vetnam hamda O‘zbekiston olimpiyachilari 3 ochko jamg‘argan holda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Quvayt va Malayziya termalari 0 ochko bilan quyi pog‘onalarda qoldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA