Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yosh iqtidor egalari orasida Abbosbek Fayzullayev o‘zining yorqin o‘yini bilan barchani lol qoldirayotgani sir emas. Garchi 20 yoshda bo‘lsa ham, Abbosbek xalqaro maydonda o‘zgacha uslubi bilan terma jamoamiz va «SSKA» klubida ajralib turibdi.

Kuni kecha Abbosbek «SSKA» tarkibida Rossiya kubogining 1/2 finali javob o‘yinida «Baltika»ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi va 69 daqiqa harakat qilib, 36-daqiqada jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Mazkur bahs moskvaliklar foydasiga 2:0 hisobida yakunlandi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Abbosga Italiyaning eng qadimiy jamoalaridan biri «Parma» qiziqish bildirmoqda. Umid qilamizki, A.Fayzullayev yangi mavsumda Yevropaning eng nomdor jamoalari safida to‘p tepadi.

***  

Islom Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston U16 terma jamoasi Toshkent shahrida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishdi. 20-apreldan boshlab yig‘inning ikkinchi qismi Minsk shahrida davom etadi.

Vakillarimiz 23-28-aprel kunlari “UEFA Assist” dasturi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Rivojlanish kubogi» xalqaro turniri doirasida Belarus, Ozarbayjon va Nikaragua jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

***  

Yevropa Chempionlar ligasining chorak finalidan o‘rin olgan «Borussiya» – «Atletiko» jamoalari o‘rtasida javob o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda «Borussiya» 4:2 hisobida raqibdan ustun keldi va ikki bellashuv natijasiga ko‘ra 5-4 hisobida g‘alaba bilan yarim finalga yo‘l oldi.

Shuningdek, mazkur bosqichda «Barselona» – «PSJ» uchrashuvi o‘tkazildi. Unda «PSJ» garchi safarda o‘yin o‘tkazishiga qaramasdan, raqibga nisbatan ancha hujumkor va sifatli o‘yin namoyish etdi. Buning natijasida Parij shahri klubi 1:4 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa «PSJ» ikki bellashuv natijasiga ko‘ra, 6-4 hisobini qayd etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, Chempionlar ligasi yarim finalida «PSJ» va «Borussiya» o‘zaro to‘qnash keladi. Dastlabki o‘yinda «Signal Iduna Park»da 30-apreldan 1-mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tsa, javob uchrashuvga «Park de Prens» mezbonlik qiladi va undagi o‘yin 6-maydan 7-may kuniga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.

 

Ikkinchi yarim final juftligi bugun bo‘lib o‘tadigan bahslardan keyin ma’lum bo‘ladi. Unda «Bavariya» – «Arsenal», «Manchester Siti» – «Real Madrid» klublari yarim final yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi.

***  

“Barselona” vingeri Lamin Yamal har yillik “Golden Boy” sovrini reytingida yetakchi bo‘lib turibdi. Mazkur sovrin Yevropa oliy ligalaridan birida to‘p tepayotgan 21 yoshga to‘lmagan eng yaxshi futbolchisiga topshiriladi. Ikkinchi pog‘onada hozircha «Benfika» yarim himoyachisi Joau Nevesh bormoqda. Kuchli uchlikni «Manchester Yunayted» forvardi Alexandro Garnacho yakunlab beradi.

Eslatib o‘tamiz, «Golden Boy-2023» sovriniga Jud Bellingem ega chiqqandi.

***  

Osiyo chempionlar Ligasining «Al Ayn» va «Al Hilol» klublari o‘rtasidagi yarim final dastlabki bahsi bugun bo‘lib o‘tadi.

Aslida kecha o‘tkazilishi kerak bo‘lgan o‘yin Dubaydagi noqulay ob-havo sharoitlari sabab qoldirilgan edi. Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahri ko‘chalarida hozirda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida suv toshqinlari kuzatilmoqda.

***  

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston U23 terma jamoasi bugun Osiyo kubogidagi yurishini Malayziyaga qarshi o‘yin bilan boshlashi haqida xabar bergan edik. Mazkur o‘yinda futbolchilarimiz to‘liq oq libosda harakatlanadigan bo‘ldi.

Uchrashuvni esa iordaniyalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Aniqrog‘i, uchrashuv bosh hakami sifatida Ahmad Faysal Muhammad Alali ishlaydigan bo‘ldi. Unga qanotlarda hamyurtlari Ayman Faysal Hamze Obeydat va Ahmad Mansur Samara Muhsen yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasini Kimura Hiroyukiga (Yaponiya) bajaradi. Abdulloh Dafer Al Shehri (Saudiya Arabistoni) esa VARda faoliyat olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – Malayziya o‘rtasidagi o‘yin bugun soat 18:00 da start oladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA